Qancha ko‘p til bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi, ona tilida tush ko‘radi, ona tilida yig‘laydi.
O‘tkir Hoshimov

Dunyoda har bir narsaning o‘zagi, mag‘zi bo‘ladi. Insoniyat mohiyatini uning yaratuvchanligi, mustahkam irodasi, din-u diyonati, boshqalarga xolis yordamga kelishi, boshiga ofat-g‘am tushganida hamdardlik bildirishi, shodligiga sherik bo‘lishi, mehr-oqibati, oddiy qilib aytganda, go‘zal ma’naviy olami tashkil etadi. Ushbu ma’naviy olam esa latif so‘z, ya’ni ona tili orqali bayon etiladi. Shu ma’noda, biz – o‘zbek xalqi bu borada dunyo hamjamiyatida baxtli, tilining kelajagi bor millatlardan sanalamiz.
Shu bilan birga, bugungi globallashuv, texnika taraqqiyoti shunchalik jadal rivoj topmoqdaki, oqibatda dunyoda mavjud (statistik ma’lumotlarga qaraganda, taxminan yetti mingdan ziyod) tillardan aksariyati bir-biriga qo‘shilib, birikib, yoki bo‘lmasa, asta-sekin yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi.

Ma’lumot uchun:
Dunyodagi yetti mingdan ziyod tillardan 14 tasida bashariyatning uchdan ikki qismi gaplashadi. Bu tillarning har birida so‘zlashadiganlar soni esa 50 milliondan ziyod. Dunyodagi 70 tilda gaplashadiganlar 5 milliondan ko‘p bo‘lsa, qolgan tillarda muloqot qiladiganlar 1 milliondan kam.

Vaholanki, YUNЕSKO tomonidan e’lon qilingan “Yo‘qolish arafasida turgan dunyo tillarining atlasi”da ta’kidlanishicha, Yevropadagi 50 ta, Tinch okeani hududidagi 2000 ta, Afrika qit’asidagi 250 ta til halokat arafasida turibdi. Asrimiz oxiriga borib, hozirda mavjud bo‘lgan tillarning teng yarmini yo‘qolib ketishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Bunday vaziyat esa, o‘z navbatida, biz – o‘zbeklar va o‘zbek tilida so‘zlashadigan insonlar zimmasiga zalvorli vazifalarni yuklashi tayin.
Shu o‘rinda bir lirik chekinish: qadimda buyuk donishmandlardan biri shunday degan ekan. “Ilm to‘rt xil bo‘ladi: fiqh(shariat) – diyonat uchun, tib – sog‘liq uchun, yulduzlarni o‘rganish – vaqt hisobi uchun, til qonun-qoidalari – so‘zlashuv uchun”.

Shu ma’noda, biz, avvalo o‘zimiz, ya’ni shu masalaga mutasaddilar, ona tilimiz qonun-qoidalarini puxta o‘zlashtirsakkina va o‘zbek tilimizning qon tomirimizdek bizga yaqinligini teran anglasakkina, bu tilni boshqalar ham hurmat qila boshlaydi, bu tilni bilishga qiziqadiganlar ko‘payadi. Qarabsizki, asta-sekin tilimiz mavqei boshqa millat va elatlar nazarida ham ortib boradi.
Shu o‘rinda bir gap. Bugun ko‘pgina internet tarmoqlarida koreys, yapon, xitoy, nemis, fransuz millatiga mansub yoshlarning o‘zbek tilini bilishga bo‘lgan ishtiyoqini ko‘rib, qandaydir ichki ruhiy taskinlik ham sezasan, kishi. Rostdanam-da, qarang, ularning go‘zal talaffuzini, chiroyli gapirishlarini, fikrini teran bayon qilishlarini...

Ha, dunyo O‘zbekiston va o‘zbeklar tomon intilishni boshladi. Biz o‘zbeklar, shunchaki xalq emas, balki ko‘p ming yillik tiriklik sinovidan o‘tgan, tili, madaniyati, san’ati asrlar osha sayqallangan va boshqalarga ibrat bo‘la oladigan bunyodkor xalq sifatida bunday buyuk tashrifni munosib kutib olmog‘imiz lozim.
Demak, ona tilimiz va ushbu muborak tilda so‘zlashuvimiz bizga o‘zligimizni bayon etishga asos bo‘larkan, bu talato‘p jarayonlarda o‘z tilimizni asrab-avaylashimiz, uning takomillashuvi yo‘lida fidoyilarcha mehnat qilishimizni zaruriyat qilib qo‘ymoqda. Bu zaruriyat har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas vazifasiga aylangandagina, o‘zining serhosil mevalarini bera boshlaydi.